Ustoz, g‘oliblik muborak!
Davlatimiz mustaqilligining 27 yillik to‘yi arafasida o‘zining ma’naviy va ma’rifiy jabhada, yoshlar bilan ish olib borishdagi faoliyati hamda jasoratini e’tirof etish va rag‘batlantirish niyatini qo‘llab - quvvatlagan holda, Navoiy viloyatida “Farhod” madaniyat saroyida tashkil etilgan “Yilning eng faol ma’naviyat targ‘ibotchisi - 2018” Respublika ko‘rik–tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi alohida ahamiyatga ega bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining Raisi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning “Ma’naviyat - eng ta’sirchan va qudratli qurolimiz”, - deya e’tirof etgan o‘gitlari ruhida o‘tgan ushbu tadbirning aynan Navoiy viloyatida o‘tkazilishining ham ramziy ma’nosi bor.
O‘zining nazmiy va nasriy asarlari bilan ma’naviyat va ma’rifatning mayog‘iga aylangan hazrat Navoiyning nomi qadrulabad mohiyat kasb etadi. Viloyat markazida tashkil etilgan ushbu tadbir Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Navoiy viloyati hokimligi va Markazning Navoiy viloyat bo‘limi hamkorligida o‘tkazildi.
O‘sha kuni muhtasham “Farhod” madaniyat saroyi bayramona tus olgan, anvoyi gullar bilan bezatilgandi.
Ma’lumki, Farhod adabiyotda o‘z xalqiga suv keltirgan, obod qilgan timsoliy obrazning in’ikosidir. Bu orqali ma’naviyat inson uchun suv singari zarur va aziz ekanligini uqtirish ham ko‘zlanganini sezish qiyin emas.
“Yilning eng faol ma’naviyat targ‘ibotchisi – 2018” Respublika ko‘rik-tanlovida ko‘zga ko‘ringan faol olimlar, shoiru yozuvchilar va san’atkorlar ishtirok etishdi.
“Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!” ezgu shiori bilan o‘tkazilgan ushbu tanlovning mutloq g‘oliblaridan biri sifatida ustozimiz Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozovning nomlari e’lon qilinishi bilan gulduros qarsaklar yangradi.
Ustoz Rahimboy Jumaniyozovning “Yilning eng faol ma’naviyat targ‘ibotchisi” Respublika ko‘rik–tanlovlarining ilgari ham bir necha bor g‘olibi bo‘lgani jamoadosh sifatida hammamizni g‘ururlantirishi tayin.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi raisi, Oliy Majlis deputati Qodirov Alisher Keldievich hamda Navoiy viloyat hokimi Tursunov Qobiljon Beknazarovichlar ustozni qizg‘in tabriklay turib, “Sizdan Prezident huzuridagi akademiyada ham dars olganimizdan doimo ruhlanamiz”, - deya yana bir bor minnatdorchiliklarini izhor qildilar.
Viloyatlardan tashrif buyurgan g‘oliblarni taqdirlash marosimining badiiy qismida tanlov g‘oliblari va mehmonlar uchun O‘zbekiston san’at ustalari tomonidan samimiy tilaklar va kuy-qo‘shiqlar yangradi.
“GIM” fakulteti “Gumanitar fanlar” kafedrasining o‘qituvchisi Bahriddin Muqimov axboroti